Urganch davlat universitetida aniq va tabiiy fanlar, ijtimoiy-iqtisodiy hamda texnika fanlari, pedagogika-psixologiya va tibbiyot sohalarining dolzarb masalalari va ularning echimlariga bag’ishlangan “Mintaqada zamonaviy fan, ta’lim va tarbiyaning dolzarb muammolari” nomli OAK ro’yxatiga kiritilgan ilmiy elektron to’plam uchun maqolalar qabul qilish 1 fevraldan boshlanganligini ma’lum qilamiz.

         To’plamda ilm-fan va ta’limning yuqorida ta’kidlangan sohalariga oid dolzarb mavzulardagi maqolalar ingliz tilida chop etiladi.

         Ilmiy to’plamga maqolalar quyidagi tartibda qabul qilinadi:

         Maqola – kamida 4-5 sahifa (0,25 b.t.) hajmida bo’lishi, Times New Roman 14-shriftida, qator oralig’i 1,5 sm, chap tomondan 3 sm, yuqoridan va pastdan 2 sm qoldirilgan holatda A4 hajmli standart qog’ozning bir tomoniga chop etilgan va muallif(lar)ning shaxsiy imzosi bilan tasdiqlangan holda, shuningdek ichki va tashqi taqrizlar bilan bir nusxada qog’oz va elektron variantlarni Ilmiy bo’limga (manzil: Bosh bino, rektorat 2-qavat 232 xona) topshirilishi kerak.

Ilmiy maqolaning tegishli fan sohasi bo’yicha fan doktori (tashqi taqriz) va fan nomzodi (ichki taqriz) tomonidan berilgan taqrizga va ekspert xulosasiga ega bo’lishi talab etiladi.

         Maqola rasmiylashtirilganda sahifaning yuqori chap burchagida UO’T (UDK), bir oraliqdan keyin bosh harflarda maqolaning mavzusi, keyingi satrda muallif(lar)ning ismi, sharifi, otasining ismi, ilmiy darajasi va ilmiy unvoni, ish joyi va lavozimi to’liq yoziladi. So’ngra o’zbek, rus va ingliz tillarida annotatsiya va kalit so’zlar keltiriladi. Annotatsiya 2-3 jumladan iborat bo’lib, maqola mazmunini o’zida aks ettirishi lozim. Kalit so’zlar mavzu mohiyatini ochib beradign so’z va iboralar bo’lib, ular soni 10 tadan oshmasligi kerak.

         Maqolada kirish, mavzuning dolzarbligi, masalaning mazmuni, uning echimi hamda tegishli xulosa va tavsiyalar o’z aksini topishi lozim. Shu bilan birga, unda so’z, ibora va formulalarning aniq, gap va jumlalarning esa tizimli bo’lishi talab etiladi.

         Ilmiy bo’lim tomonidan qabul qilingan maqolalar tekshirish o’tkazadigan mutaxassislarga (tahrir hay’ati) topshiriladi.

         Tahririyat maqolalarni tahrir qilish va qisqartirish huquqiga ega. Talab darajasida rasmiylashtirilmagan maqolalar ilmiy to’plamda e’lon qilinmaydi. Qabul qilinmagan qo’lyozmalar mualliflarga qaytarilmaydi va yozma javob berilmaydi. Bu ma’lumotlarni soha bo’yicha Tahririyat a’zolaridan bilish mumkin. Ekspertdan o’tgan qo’lyozmalar elektron to’plamda chop qilish uchun yuboriladi.

 

Ilmiy va IPKT bo’limi